“Sehrlandiya: Qahramonlik missiyasi” — Bolalar kontentini rivojlantirish markazi (BKRM) buyurtmasi asosida Lola Animation tomonidan tayyorlangan to‘liq metrajli 3D animatsion film hisoblanadi. “Sehrlandiya: Qahramonlik missiyasi” loyihasining maqsadi — bolalar auditoriyasiga zamonaviy animatsiya orqali do‘stlik, jasorat, hamjihatlik, mehr-oqibat va ezgulik kabi qadriyatlarni yetkazish. Film fantastik va sarguzashtlarga boy voqealar orqali tomoshabinni qiziqtirish bilan birga, muhim insoniy qadriyatlar haqida fikrlashga undaydi. Film 2025-yil dekabr oyida tomoshabinlarga taqdim etildi. 19-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarining 1 500 nafar ilg‘or va a’lochi o‘quvchisi ishtirok etdi. 25-dekabr kuni o‘tkazilgan rasmiy premyerada esa 2 000 nafardan ortiq o‘quvchi, ota-onalar va ziyolilar qatnashdi.Tadbirda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham o‘g‘li Shavkatjon bilan birga ishtirok etdi. Shuningdek, “The Walt Disney Company” vitse-prezidenti Hayma Washington ham ishtirok etib, filmga yuqori baho berdi.
“Sehrlandiya: Qahramonlik missiyasi”ning kinoteatrlardagi namoyishi ham loyihaning muhim natijalaridan biri bo‘ldi. Film 2025-yil 26-dekabrdan mamlakatimizdagi 10 ta kinoteatrda namoyish etildi. 2025-yil 26-dekabrdan 2026-yil 7-yanvargacha bo‘lgan davrda tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha umumiy reytingda 3-o‘rinni egalladi. O‘zbek tilidagi badiiy va animatsion filmlar orasida esa 1-o‘rinni qayd etdi. Shu davrda 5 500 nafar bola filmni katta ekranda tomosha qildi.
Loyihaning targ‘ibot ishlari ham keng qamrovga ega bo‘ldi. “Sehrlandiya: Qahramonlik missiyasi” 20 ga yaqin bosma va elektron OAVda, 30 dan ortiq mustaqil bloger sahifalarida yoritildi. Turkiyaning “TRT Avaz” telekanali film haqida maxsus reportaj e’lon qildi. O‘zbekiston milliy televideniyesi va radiokanallarida ham film yangilik, reportaj va maxsus ko‘rsatuvlar orqali yoritildi. Umuman, film haqida 100 ga yaqin jurnalistik material e’lon qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham loyiha katta qiziqish uyg‘otdi. “Sehrlandiya”ga oid kontentlar millionlab ko‘rishlarni jamladi. Taqdim etilgan natijalarga ko‘ra, ayrim platformalardagi kontentlar 30 milliondan ortiq ko‘rishga ega bo‘lgan. Filmning saundtreki ham YouTube, Instagram va Telegram platformalarida keng tarqaldi.
“Sehrlandiya”ning qahramonlari va olami film bilan cheklanib qolmadi. Loyiha doirasida bolalar uchun kitoblar, bo‘yash daftarlari, quloqchinlar, Rubik kubigi, breloklar va boshqa merch mahsulotlari ishlab chiqildi. Bu esa film qahramonlarini bolalar auditoriyasiga boshqa formatlarda ham yaqinlashtirish imkonini berdi.
Loyihaning xalqaro yo‘nalishda rivojlanishi uchun filmni boshqa tillarga lokalizatsiya qilish ishlari ham olib borilmoqda. Hozirda “Sehrlandiya: Qahramonlik missiyasi” rus, ingliz, turk va ispan tillariga tarjima qilinib, dublyaj va subtitrlash yo‘nalishida tayyorlanmoqda. Bu filmning xorijiy auditoriyaga taqdim etilishi uchun muhim bosqichlardan biridir.
Bugungi kunda “Sehrlandiya: Qahramonlik missiyasi” o‘zbek animatsiyasida katta auditoriyaga yetib borgan loyihalardan biri sifatida rivojlanishda davom etmoqda. Uning kinoteatrlardagi natijalari, media va ijtimoiy tarmoqlardagi qamrovi, merch mahsulotlari hamda xalqaro tillarga lokalizatsiya qilinayotgani loyiha erishgan muhim natijalarni ko‘rsatadi.
Lola Animation uchun “Sehrlandiya” — katta hajmdagi 3D animatsion loyiha ustida ishlash, uni tomoshabinga yetkazish va film olamini qo‘shimcha kontent va mahsulotlar orqali rivojlantirish tajribasini namoyish etuvchi loyihalardan biridir.


