O‘zbek multfilmi Parijda

O‘zbek multfilmi Parijda

8 daqiqalik “Baxt ulashing” animatsion filmimiz xalqaro festivallardagi yo‘lini davom ettirmoqda. O‘tgan yili filmimizning jahon premyerasi Ruminiyadagi KINOdiseea xalqaro bolalar kinofestivalida bo‘lib o‘tdi, so‘ng film Ganadagi Black Star va Hindistondagi CMS Lucknow festivallarida namoyish etildi. Bu yil esa Parijdagi Festival du Film Merveilleux & Imaginaire kinofestivalida 12 davlatdan saralangan 26 ta film qatorida tanlov dasturida namoyish etildi. Oktyabr oyida filmimiz Gruziyadagi Tofuzi festivalining tanlov dasturida va boshqa xalqaro festivallarda ishtirok etadi.

Bu yo‘l ortida jamoamizning bir necha yillik mehnati, noldan qayta tayyorlangan film va “har bir bola baxtli bo‘lishga haqli” degan oddiy, ammo chuqur g‘oya turibdi.

Ko‘chadagi bir manzaradan tug‘ilgan hikoya

Film g‘oyasi rejissyorimiz Azimjon Rahimjonov Turkiyadan Toshkentga qaytgan kezlarda tug‘ilgan. Kechki sayrlardan birida u shahar markazida qurilayotgan hashamatli bino peshtoqidagi “Baxt ulashing” degan shiorni o‘qib qoladi. Binoning yonida esa ko‘chada yashaydigan, qarovsiz bir kishi unga bolalarcha havas bilan tikilib turgan edi.

Ana shu manzara keyinchalik multfilmimiz g‘oyasiga aylandi. Dastlab hikoya qimmat uyga yashirincha kirgan qiz va chol haqida edi, vaqt o‘tib u attraksionlar parki mavzusiga ko‘chdi. G‘oya ustida ishlayotganimizda dunyoda shiddatli urushlar boshlangan edi va bu filmning asosiy dardini belgilab berdi: har bir bola o‘z bolaligini yashashga haqli.

Film nima haqida

“Baxt ulashing” kichik daydi qizning attraksionlar parkiga kirish orzusi va park qo‘riqchisining u orqali o‘z bolaligini eslashi haqida. Hikoyamiz bolalik orzularining qadri, ijtimoiy tengsizlik hamda qoidalar va vijdon o‘rtasidagi ziddiyat haqida.

Filmni drama janrida tayyorladik. Unda dialoglar deyarli yo‘q: hikoyani vizual metaforalar, atmosfera va musiqa orqali aytib beramiz. Shuning uchun film tildan qat’i nazar dunyoning istalgan burchagidagi tomoshabinga tushunarli.

Film nomi biz aytmoqchi bo‘lgan asosiy fikrni ifodalaydi: baxt boshqalar bilan bo‘lishilgandagina to‘liq bo‘ladi. Biz uchun eng muhimi, hech bir bola “begona” bo‘lmasligi va kattalar dunyosining qonun-qoidalari bolalikka to‘siq bo‘lmasligi.

Ikki marta tayyorlangan film

Loyihamiz 2021-yilda “Najot Ta’lim” asoschisi Temurbek Adhamov ajratgan grant bilan boshlangan. O‘shanda jamoamiz animatsiya kursini endigina tugatgan 20-25 nafar yosh ijodkordan iborat edi va biz ustozimiz, art-direktor Shuhrat Asayev bilan birga ishga kirishdik. Modellashtirish, animatsiya va renderni hali mukammal bilmasdik, lekin rejissyorimiz filmni oxiriga yetkazishda qat’iy turdi.

Ish oson kechmadi: birinchi renderni ko‘rish uchun sakkiz oy kutdik. O‘sha kuni quvonchdan ko‘z yoshlarimizni tiya olmaganmiz. Bir yarim yillik render jarayoni tugagach esa natijadan qoniqmadik, chunki shu vaqt ichida o‘zimiz ancha o‘sib ulgurgan edik.

Shunda jasoratli qaror qabul qildik: tayyor materialni butunlay o‘chirib, sakkiz daqiqalik filmni noldan qayta tayyorladik. Shu bilan birga O‘rta Osiyodagi ilk to‘liq metrajli 3D animatsion film “Sehrlandiya: Qahramonlik missiyasi” ustida ham ish boshladik.

Filmni tayyorlagan jamoamiz

  • Ssenariy muallifi, rejissyor va prodyuser: Azimjon Rahimjonov

  • Studiya asoschisi va prodyuser: Temurbek Adhamov

  • Art-direktor, yetakchi personaj rassomi va 3D supervayzer: Shuhrat Asayev

  • Fon rassomi: Elyor Rahmatullayev

  • Layout rassomi: Muhammadyusuf Yo‘ldashev

  • Animatsiya supervayzeri: Ilhom Karimov

  • Rigging supervayzerlari: Bahrom Mahamadov, Egamberdi Egamberdiyev

  • 3D rassomlar: Bobur Tojiboyev, Asliddin Sadriddinov, Mavluda Omonqulova, Jasur Turobxo‘jayev, Abdulhaq Shakirov, Jaloliddin Tilovmurodov

  • Personaj rassomlari: Shoxsanam Quryozova, Nurali Ne’matov, Sarvar Xolboyev, Zilola Zokirova, Muhtasar Umarova

  • 2D animator: Shuhrat Asayev

  • Yorug‘lik bo‘yicha rassom: Bobur Tojiboyev

  • Animatorlar: Ilhom Karimov, Muhammadmuso Yuldashev, Jaloliddin Parpiyev, Jaloliddin Qo‘chqorov, Abdulqosim Naimov, Islombek Nabiyev, Ulug‘bek Inomov, Muhammad Shavkatov, Malika Raximova, Dilmurod Abduvohidov, Baxtiyor Xayitov, Farrux Ergashev, Nurbek Rahimberdiyev, Lochinbek Sangirov

  • Qo‘shimcha animatsiya: Elbek Ataboyev

  • VFX va olomon sahnalari rassomi: Sherzod Kadirov

  • Bastakor: Diyorbek Hosilov

Festivallar yo‘li

O‘tgan yili, 2025-yilda filmimizning jahon premyerasi Ruminiyadagi KINOdiseea xalqaro bolalar kinofestivalida e’lon qilindi va o‘sha yerda bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng “Baxt ulashing” Ganadagi Black Star xalqaro kinofestivali va Hindistondagi CMS Lucknow xalqaro bolalar kinofestivali dasturlaridan joy oldi.

Sentabr oyida filmimiz Parijdagi Festival du Film Merveilleux & Imaginaire kinofestivalida 12 davlatdan saralangan 26 ta film qatorida tanlov dasturida namoyish etildi. O‘zbek animatsion filmini Fransiya poytaxtida tomoshabinlarga taqdim etish biz uchun eng katta orzulardan biri edi.

7-11 oktyabr kunlari film Gruziyadagi Tofuzi xalqaro festivalining tanlov dasturida ishtirok etadi. U yerda “Baxt ulashing” “Eng yaxshi film”, “Gran-pri”, “Eng yaxshi rejissyor”, “Eng yaxshi ssenariy”, “Eng yaxshi musiqa” va “Eng yaxshi texnika” nominatsiyalarida bellashadi. Festivalda filmimizni rejissyorimiz Azimjon Rahimjonov shaxsan taqdim etadi.

O‘zbek hikoyalari dunyo ekranlarida

“Biz shafqatsiz qonun-qoidalar amal qiladigan dunyoda yashayapmiz. Bu dunyoda eng go‘zal narsa baribir insoniylik va qadriyatlarimiz. Tomoshabinlar butun dunyo bolalari baxtli bo‘lishga haqli ekanini shu film orqali his qila olsa, biz maqsadimizga yetgan bo‘lamiz”, deydi rejissyorimiz Azimjon Rahimjonov.

Festivallardagi yangiliklarni rasmiy sahifalarimizda kuzatib boring

3D animation kursini 7 oyda o'rganib daromadga chiqing10+ yillik amaliy tajribaga ega ustozlardan o'rganasiz.Batafsil